21
avgust
2021
Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash yoʼlida

Xabaringiz bor, xotin-qizlar muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash masalalari boʼyicha oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida Prezidentimiz bugungi kunda nodavlat tashkilotlari ayollar bandligini taʼminlash, ularni ishchi kasblarga oʼrgatish boʼyicha xotin-qizlarga eng yaqin koʼmakchi boʼlib kelayotganini alohida taʼkidlagandi.
Shu oʼrinda Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan “Meri Poppins” nodavlat tashkiloti bir yilda mingta xotin-qizni kerakli kasblarga oʼqitib, ish bilan taʼminlagani eʼtirofga molik.
Darhaqiqat, ushbu tashkilot ish beruvchilardan kerakli kasblar boʼyicha buyurtmalar oladi va qiynalgan ayollarni mehmonxona ishi, sotuvchi, ofitsiant, enaga, kotiba, buxgalter, farroshlik kabi kasblarga oʼzining oʼquv markazida oʼqitib, kafolatli ish topib berayapti. Oʼqish xarajatlari Bandlik jamgʼarmasidan qoplab berilmoqda.
Videoselektor yigʼilishida Prezidentimiz “Meri Poppins” nodavlat tashkiloti rahbari Valida Tursunovadan qanday muammolari borligini, faoliyatini kengaytirish uchun qanday yordam kerakligini soʼraganida, tarbirkor ayol koʼp yillardan buyon bino ijarasi masalasida qiynalib kelgani, agar shu masala hal boʼlsa oʼquv kurslarini yanada koʼpaytirish imkoniyati borligini aytgandi.
Prezidentimiz Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga markaz uchun Toshkent shahridagi kollejning boʼsh turgan binosini foydalanishga berish, viloyatlarda Meri Poppinsning filiallarini tashkil etish boʼyicha topshiriq bergandi.
Yaqinda Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kollejining boʼsh turgan binosi zamonaviy taʼmirlanib, unda “Meri Poppins” nodavlat tashkiloti oʼz faoliyatini davom ettirishga kirishdi.