30
avgust
2021
ISTIQLOL BАYRАMI ShUKUHI

Mustaqillik yillarida yoshlarni qoʼllab-quvvatlash masalasiga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xususan, barkamol avlod kamoloti, yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, orzu-umidlarini roʼyobga chiqarish ustuvor vazifalar etib belgilangan. Oʼz navbatida, taʼlim yoʼnalishlari boʼyicha tashkil etilgan Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy oʼquv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlarning ilm-fan sirlarini oʼrganishga intilishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga boʼlgan ishtiyoqi balandligi tahsinga loyiqdir.
Bugungi kunda mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalari soni 128 taga yetkazilgani, 26 ta xorijiy universitetlarning filiallari ochilgani bilimga chanqoq yoshlarning talabiga har tomonlama mos keladi. Oxirgi 5 yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilgani, davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʼpaytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy oʼquv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani ham eʼtirofga molik.
Bandlik masalasida ham yoshlar doim eʼtibor markazida ekanini koʼrishimiz mumkin. Soʼnggi 4 yilda 30 yoshgacha boʼlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʼpayib, ular 500 mingdan oshgan.
Joriy yilning oʼtgan 8 oy mobaynida “yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʼm mablagʼ yoʼnaltirilgani ham amaliy ishlar natijasidan dalolat berib turibdi.
Ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʼliq qaytarib berish tartibi belgilangani, shuningdek, kasb-hunar maktabi va texnikumlar oʼquvchilariga korxonalarda amaliyot oʼtagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming soʼmdan subsidiya berish joriy etilgani yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta ragʼbat boʼldi.
Darhaqiqat, yoshlik — bilimga chanqoq, kuch-quvvatga va orzu-toʼla navqironlik davri. Shunday ekan, oʼquv muassasalarida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, yoshlarni kasb-hunar oʼrganishga qiziqtirish, ularni foydali mehnat bilan band etish muhim. Buni Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji faoliyati misolida oladigan boʼlsak, mazkur kollejda Xodimlarni boshqarish (kadrlar boʼyicha inspektor, ofis menejeri) Mehnat muhofazasi (texnika xavfsizligi boʼyicha inspektor, boʼsh ish oʼrinlari boʼyicha inspektor) Pensiya ishi (pensiya jamgʼarmasi inspektori, ijtimoiy-maishiy xizmat koʼrsatish inspektori) kabi yoʼnalishlar boʼyicha mutaxassislar tayyorlanadi. Shu mutaxassisliklar boʼyicha bilim olish istagida boʼlgan barcha yoshlarni Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji oʼz bagʼriga chorlaydi.
Unutmang, sifatli taʼlim, bu doimiy ish oʼrniga ega boʼlish, baxtli va farovon hayot kafolotidir. Taʼlimga investitsiya kiritish — kelajakka sarmoya kiritish mamlakatimiz ravnaqini taʼminlovchi omil hisoblanadi.
Аlbatta, biz kelajagimiz egalari boʼlgan yoshlarning ilm olishi, hunar oʼrganishiga zarur shart-sharoitlar yaratish bilan birga, ularning boʼsh vaqtini maznumli tashkil etishga ham oʼz hissamizni qoʼshishimiz zarur. Chunki ertangi kunimiz qanday boʼlishi bevosita ularning bilim darajasi, dunyoqarashi, salohiyatiga bogʼliqdir.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda navqiron avlodga berilayotgan eʼtibor, davlat tomonidan koʼrsatilayotgan gʼamxoʼrlik miqyosi yildan-yilga kengayib bormoqda. Yoshlarimiz bugun kunda erishilayotgan yutuqlar zamirida ham istiqlol inʼom etgan imkoniyatlar mujassam boʼlib, ular taʼlim-tarbiyasi, huquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.